Bosh sahifa Maqolalar

Mualliflik maqolalar

Jami 1 ta maqola

Bugungi kunda Kiberjinoyatchilikning rivojlanishi hamda O‘zbekistonda unga qarshi kurashish choralari.

Jinoyat huquqi

Bugungi kunda Kiberjinoyatchilikning rivojlanishi hamda O‘zbekistonda unga qarshi kurashish choralari.

XXI asr - axborotlashtirish davri. Zamonaviy voqelikda dunyoni axborot resurslari va texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin: har kuni deyarli har bir inson muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi; davlat organlariga murojaat qilish endi hatto uydan chiqishni ham talab qilmaydi; xizmat va kasb faoliyati ko‘p jihatdan raqamlashtirishning innovatsion yutuqlarini qo‘llashga asoslanadi. Doimiy rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari nafaqat muayyan jarayonlar samaradorligini oshiradi, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi, jinoyatlarni aniqlash tezligini oshiradi va tergov sifatini yaxshilaydi, balki noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, bu esa shundoq ham latentligi yuqori bo‘lgan kiberjinoyatlarning ko‘payishiga olib keladi. Innovatsion muhitning salbiy ko‘rinishlaridan biri sun’iy intellekt tomonidan manipulyatsiya qilinadigan yuz va ovoz sintezi metodikasidan, ya’ni Deepfake texnologiyasidan foydalanishdir. Amalda ko‘rsatilgan metodika noto‘g‘ri ma’lumotlarni ishlab chiqarish (generatsiya) va tarqatish imkonini beradi. Deepfake texnologiyasi so‘nggi ikki yilda Amerikaning yetakchi siyosatchilari ishtirokidagi yirik janjallar tufayli keng ommaga ma’lum qilindi. Masalan, 2018 yilda media makonni Barak Obamaning Donald Trampga nisbatan odobsiz (senzurasiz) gapirgani haqidagi videosi hayratda qoldirdi, bu esa ushbu texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ldi. Ushbu janjal va shunga o‘xshash ko‘plab holatlar ilmiy doiralarda dipfeyklardan foydalanishni jinoiy-huquqiy baholash bo‘yicha muhokamalarni yuzaga keltirdi. Ta’kidlash joizki, siyosatchilar va boshqa taniqli shaxslar ishtirokidagi dipfeyklarning aksariyati ko‘ngilochar maqsadlarda tashkil etiladi. Shu bilan birga, soxta materiallardan siyosiy sohada foydalanish holatlari mavjud. Misol tariqasida, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi mast bo‘lib (haqiqiy videoyozuvni 13 sek 17 sek.ga sekinlashtirish orqali), so‘zlarni zo‘rg‘a gapirayotgani aks etgan videorolik keltirilgan. Ushbu holatlar Kaliforniya shtatida dipfeyk muomalasini cheklovchi qonunlar qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Qonun loyihasi mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, Deepfake texnologiyasi yordamida yaratilgan siyosatchilar ishtirokidagi videoroliklar ham jamoatchilikni aldashi mumkin. Bunga o‘xshash holat, Oliy Majlis Senat raisi T.Norbayevaning ovozini sintez qilish orqali “Rossiya-Ukraina” urushi yuzasidan bildirgan fikri ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. 1. Deepfake (dipfeyk, konkatenatsiya inglizcha deyep learning - «chuqur o‘qitish» va fake - «qalbakilashtirish») - sun’iy intellektga asoslangan tasvir sintezi metodikasi. Tasvirni sintez qilish usuli mavjud tasvirlar va videolarni asl tasvirlar yoki videoroliklarga ulash va joylashtirish uchun ishlatiladi. ugungi kunda butun dunyoda shaxsiy axborot va yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq, dipfeyklarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, ko‘rilgan choralar yetarli emasligi ayon bo‘lmoqda. Bu, avvalambor, ko‘pchilik xorijiy mamlakatlarda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham ko‘rib chiqilayotgan hodisani qonunchilik yo‘li bilan tartibga solishning huquqiy asosi mavjud emasligi bilan bog‘liq. Bu borada AQSH va XXR bundan mustasno. Masalan, AQSHda 2018 yil dekabr oyi oxirida senator Ben Sass dipfeyklarni suiiste’mol qilganlik va tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik, shuningdek, jarima yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmagach, federal darajada qabul qilinmadi. Shunga qaramay, bir yil o‘tgach, Kaliforniya shtati qonun chiqaruvchilar ushbu texnologiyaning ijtimoiy xavfliligini anglab, ikkita qonunni qabul qildilar: 1) tasvirlangan shaxsning roziligisiz pornografik kontent yaratish uchun inson tasvirlarini sintez qilish texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlandi va 2) saylovdan 60 kun oldin davlat lavozimlariga nomzodlarning rasmlarini qalbakilashtirishni taqiqlaydi. Xitoy hukumati dipfeyk muammosini hal qilish maqsadida boshqa choralarni qo‘lladi, jumladan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab ushbu texnologiya yordamida yaratilgan barcha videomateriallarda tegishli belgi bo‘lishi kerak. Aks holda, javobgarlik dipfeyk chop etgan shaxsga ham, qonunchilik ijrosini nazorat qilmagan internet-platformasiga ham yuklanadi. Butun dunyo bo‘ylab olimlar, huquqshunoslar va manfaatdor guruhlar Deepfake texnologiyasidan foydalanishni cheklovchi yoki taqiqlovchi qonunlar qabul qilish tarafdori. Bizning davlatda ham bu muammo hali yetarlicha keng yoritilmagan, ammo shuni ta’kidlash kerakki, dipfeyklar kundan-kunga arzonlashib, osonlashib, sifatli bo‘lib bormoqda, bu esa ularni g‘ayriqonuniy maqsadlarda qo‘llash xavfini oshirmoqda. Shu bois ushbu hodisalarni jinoiy-huquqiy baholash istiqbollari haqida o‘ylash zarur. Hozirgi vaqtda dipfeyklardan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikning ikkita modelini qo‘llash mumkin. Birinchidan, dipfeyklarni tarqatish jinoiy-huquqqa zid qilmish deb topilishi va Jinoyat kodeksining Maxsus qismida, ommaviy axborot vositalarida shuningdek, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida tasvirlangan shaxsning roziligisiz dipfeyk yaratish va tarqatish, shaxsning hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazish, sha’ni va qadr-qimmatiga yoki uning obro‘siga putur yetkazish xavfini tug‘dirgan, yohud jamoat tartibini va (yoki) jamoat xavfsizligini ommaviy ravishda buzishga tahdid solganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida modda ko‘zda tutish. Ikkinchi, model jinoyat sodir etishda dipfeykdan bir qator jinoyat tarkiblarida kvalifikatsiya belgisi sifatida foydalanishni nazarda tutishdan iborat, ya’ni dipfeykning o‘zi turli jinoyatlarni sodir etish vositasi, undan foydalanish esa ijtimoiy xavfli qilmishni bajarish usuli sifatida qaraladi. Taqdim etilgan ikkita modellarni solishtirib, shuni nazarda tutish kerakki, kelgusida dipfeyklarni jinoiy-huquqiy baholashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, shuningdek, uni amaliyotda qo‘llash samaradorligi ulardan qaysi birini tanlashga bog‘liq bo‘ladi. Ushbu masalani hal etishda olim va ilmiy izlanuvchilarning, birinchi model uni amaliyotda amalga oshirishda to‘siq bo‘ladigan jiddiy kamchiliklarga ega bo‘lgani uchun, dipfeyklardan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikning ikkinchi modelini ustuvor deb topish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Birinchidan, mazmunan har xil dipfeyklarni yaratish va tarqatishning o‘zi hech qanday ijtimoiy xavfga ega emas. Bundan tashqari, dipfeyk yaxshi maqsadlarni ko‘zlashi mumkin. Misol uchun, 2020 yilda Hindistonda Hindiston Xalq partiyasi yetakchisi Manoy Tivari o‘zi uchun ovoz berish uchun tashviqot olib borayotgan ikkita videorolik ommalashdi. Bir videoda siyosatchi hind tilida, ikkinchisida esa ko‘rib chiqilayotgan texnologiyadan foydalanib, o‘zi bilmagan xariani tilida gapiradi. Shu bois, mazkur holatlarini hisobga olmagan holda faqat dipfeykni yaratish va tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash qonun chiqaruvchining yuridik jihatdan asosli va ijtimoiy shartlashilgan qadami hisoblanmaydi. Ikkinchidan, dipfeyklar aksariyat hollarda muayyan jinoiy harakatlarni sodir etish uchun vosita sifatida foydalaniladi va shu bilan ularning ijtimoiy xavflilik darajasini oshiradi. Dipfeyklardan foydalangan holda sodir etiladigan bunday ijtimoiy xavfli harakatlarga pornografik tusdagi materiallarning aylanishi misol bo‘la oladi. Ushbu maqsadlar uchun yaratiladigan dipfeyklar soni har olti oyda ikki baravar ko‘paymoqda. Bunda, pornografik tusdagi materiallarni yaratishda ushbu texnologiyadan foydalanishni taxmin qilinayotgan jinoyatning obyektiv tomonining ajralmas qismi bo‘ladigan usul sifatida ko‘rib chiqilayotganda, shuni nazarda tutish kerakki, jinoyatni dipfeykdan foydalanish orqali sodir etilishi ushbu qilmishning ijtimoiy xavfliligini oshiradi, demak jazo chorasini tayinlashda ham sud tomonidan albatta hisobga olinadi. Uchinchidan, dipfeyk texnologiyasidan jinoiy maqsadlarda foydalanishning potensial chegaralarini belgilab olish lozim: tuhmat (O‘zR Jinoyat kodeksining 139-moddasi), tovlamachilik (JKning 165-moddasi), firibgarlik (JKning 168-moddasi), Shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish (JKning 1413-moddasi), Qonunga xilof ravishda axborot to‘plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish (JKning 191-moddasi), Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish (JKning 2441-moddasi), Yolg‘on axborot tarqatish (JKning 2446-moddasi), Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish (JKning 130-moddasi) va Jinoyat kodeksining Maxsus qismida nazarda tutilgan boshqa jinoyatlar. Shu nuqtayi nazardan, jinoyat qonuni matnida dipfeyklarni yaratish va tarqatish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normaning o‘rni to‘g‘risidagi masala qiziqarli ko‘rinadi. Ma’lumki, Jinoyat kodeksining Maxsus qismi tizimi yigirma to‘rtta bobdan iborat sakkizta bo‘limni o‘z ichiga oladi. Jinoyatning turlar bo‘yicha obyekti boblarga bo‘lish uchun asos bo‘lganligini hisobga olsak, jinoyatning yangi tarkibi qaysi bobga joylashtirilishi kerakligi haqidagi savol tug‘iladi. Bu, avvalo, dipfeyk texnologiyasidan foydalanishning yetarlicha keng doirasini hisobga olgan holda, jinoyat-huquqi muhofazasining asosiy obyektini aniqlash muammoli ekani bilan bog‘liq. Shuning uchun buning iloji yo‘q degan xulosaga kelish o‘rinli bo‘ladi. Biroq, dipfeyklarni yaratish va tarqatish uchun mustaqil jinoiy javobgarlik joriy etilgan taqdirda, amaldagi HMQOlar yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlar bilan birgalikda jinoyatni kvalifikatsiya qilish zarurati ko‘rinishidagi qo‘shimcha muammolarga duch kelishi mumkin, bu nafaqat amaldagi xodimlar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi va ushbu jinoyat tarkibi mavjudligining ahamiyatini mustaqil deb baholaydi, balki ayni bir qilmishni ikki marta hisobga olishga olib keladi. Misol tariqasida, shaxs dipfeyk texnologiyasi yordamida pornografik tusdagi materiallarni tayyorlaydi. Bunday holda ayblanuvchi nafaqat Jinoyat kodeksining 130-moddasi bo‘yicha ushbu materiallarni tayyorlaganlik uchun, balki tasvirlanayotgan shaxsning roziligisiz dipfeyk texnologiyasidan foydalanganlik uchun ham umumiy yig‘indiga ko‘ra javobgarlikka tortilishi kerak bo‘lib qoladi. To‘rtinchidan, agar Kaliforniya shtati Jinoyat kodeksiga murojaat qilsak, unda texnologiyalardan foydalanganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi jinoyatning mustaqil tarkibi yo‘qligini va faqat jinoyatni malakalovchi tarkibi sifatida, ya’ni ikkinchi modelni tanlash foydasiga navbatdagi dalil sifatida ko‘rilishini ko‘rishimiz mumkin. Bu, masalan, saylovdan 60 kun oldin davlat lavozimlariga nomzodlarning rasmlarini qalbakilashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonuni faqatgina fuqarolik-protsessual va saylov kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi orqali amalga oshiriladi. Jinoyat qonunchiligi kontekstida ushbu qilmishlar mustaqil deb hisoblanmaydi va saylov o‘tkazish tartibiga qarshi tegishli jinoyat sodir etish usuli hisoblanadi (AQSH Kodeksining 595-§). Yuqoridagilarni inobatga olib, dipfeyk texnologiyasidan foydalanishni jinoiy-huquqiy baholashning yakuniy (ikkinchi) modelini tanlash uchun hech qanday shubha tug‘ilmaydi, jumladan, jinoyat sodir etishda dipfeyklardan foydalanish jinoyat tarkibini kvalifikatsiya qiluvchi belgi sifatida qaraladi. Agar unda axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi alomati mavjud bo‘lsa, bu holda dipfeykdan foydalanish alohida tavsiflovchi belgi sifatida, ya’ni sodir etilayotgan jinoiy qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini oshirib, ko‘zda tutilayotgan jinoyatning obyektiv tomonining ajralmas qismi bo‘lgan uni sodir etish vositasi sifatida ko‘rib chiqilishi lozim. Huquqni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan shuni ham nazarda tutish kerakki, dipfeyk texnologiyasidan foydalangan holda ko‘rib chiqilayotgan qilmishni sodir etishga qaratilgan chaqiriqlar boshqa fuqarolarni ekstremistik/terroristik faoliyatni amalga oshirishga undagan-undamaganligidan qat’i nazar, hech bo‘lmaganda bitta murojaat ommaviy e’lon qilingan (tarqatilgan) paytdan e’tiboran tugallangan jinoyat deb hisoblanishi lozim. Dipfeyk texnologiyasidan foydalanish orqali yaratilgan audiovizual asarlar ekstremistik yoxud terrorchilik faoliyatiga ommaviy targ‘ibotlarni amalga oshirish usuli deb e’tirof etilganda tegishli jinoyat tarkibiy belgilari albatta aniqlanishi kerak. Birinchidan, qilmish shaxslarni tegishli jinoyatlarni sodir etishni undashga qaratilgan bo‘lishi kerak (jinoyatning subyektiv tomoni). Dipfeyk texnologiyasidan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarda qalbaki audiovizual asar yaratishning o‘zi ham, mavjud asardan foydalanish ham qasd bilan qamrab olinishi kerak. Ikkinchidan, cheklanmagan miqdordagi shaxslarning dipfeyk bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishi, masalan, internet tarmog‘ida tarqatish, (jinoyatning obyektiv tomoni) ommalashganligiga rioya etilishi kerak. Uchinchidan, faol harakatlar sodir etishga ham ochiq, ham yashirin shaklda bevosita targ‘ib qilish, bunda noaniq shaxslar doirasiga (jinoyatning obyektiv tomoni) qaratilgan bo‘lishi. Shu bilan birga, ekstremistik yoki terroristik faoliyatni amalga oshirishga chaqiruvchi dipfeyk tayyorlangan taqdirda, uning kvalifikatsiyasi masalasini hal qilish zarur bo‘ladi. Ma’lum bo‘lmoqdaki, jinoyat sodir etishda dipfeyklardan foydalanish jinoyatning kvalifikatsion tarkibi sifatida, agar jinoyat axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda sodir etilganligini ko‘rsatuvchi alomat mavjud bo‘lsa, u holda dipfeykdan foydalanishni maxsus kvalifikatsiya qiluvchi, ya’ni uni amalga oshirish usuli va vositasi sifatida ko‘rilishi lozim. Bu ko‘rib chiqilayotgan jinoyat obyektiv tomonining ajralmas qismi hisoblanadi va uning ijtimoiy xavflilik darajasini oshiradi (JKning 2441-moddasi). Bundan tashqari, izlanuvchilar ta’kidlayotganidek, "O‘zbekistonda dipfeyklardan himoya qilishning alohida raqamli va huquqiy shakllarini yaratish zarur. Bunday transformatsiya nafaqat jinoyat-protsessual qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni, balki fuqarolarning biometrik ma’lumotlaridan foydalanishni tartibga soluvchi barcha normativ hujjatlarni to‘liq taftish qilishni ham taqozo etadi. O‘zgarishlar himoya obyekti yaratilgandan keyin emas, balki uni yaratish jarayonida sodir bo‘lishi kerak, bu yerda himoya qilinadigan obyektga dipfeyklardan himoya qilishning huquqiy jarayonlari qo‘yiladi". Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki hozirgi vaqtda jinoyatlarning oldini olish va latentlik darajasini pasaytirish muammolarini xal qiluvchi dipfeykni ishonchli tarzda fosh etadigan tayyor texnologiya va mexanizmlar mavjud emas. Ushbu faktlar bunday hodisalarni xorijiy tajribadan foydalangan holda qonunchilik bilan tartibga solishning obyektiv zarurligini tasdiqlaydi. Jinoyat qonunchiligida hozirdanoq dipfeyklardan foydalangan holda jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash imkonini beruvchi jinoyat tarkibi belgilarini nazarda tutish zarur. Shu munosabat bilan dipfeyk texnologiyasini jinoiy maqsadlarda qo‘llashning potensial chegaralarini to‘liq va aniq belgilashni hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini jinoyatni kvalifikatsiya qiluvchi belgilar bilan to‘ldirishni taklif etiladi. Masalan, «xizmat mavqeidan foydalangan holda» degan so‘zlardan keyin «shuningdek axborot texnologiyalari va (yoki) resurslaridan foydalangan holda» degan so‘zlar bilan to‘ldirish, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuni tushunish kerakki, dipfeyk va boshqa axborot texnologiyalari kundan-kunga arzonlashib, foydalanish imkoniyatlari yengillashib bormoqda, bu esa noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishga bevosita zamin yaratmoqda. Qonun chiqaruvchi shuni inobatga olishi kerakki, hozir dipfeyklar muammosi bilan shug‘ullanib, ular keltirib chiqargan salbiy oqibatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi.

01/01/1O'qish →

BRIGHT-LAWYER advokatlik byurosi

© 2024 · Litsenziya № 0012456 · Barcha huquqlar himoyalangan